Ajoyib yakunlar, yangi rejalar sari


Ajoyib yakunlar, yangi rejalar sari


2025 yil yakuniga yetmoqda. Ayni kunlarda ko‘pchilik korxona va tashkilotlarda joriy yil sarhisob qilinayotir. Shu bilan bir qatorda yangi yilda yangi ulug‘vor rejalar sari dadil qadamlar tashlanmoqda.

O‘zA muxbiri Samarqand viloyati Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Zuhriddin Amonovga joriy yil yakunlari hamda galdagi rejalarga oid bir necha savollar bilan murojaat qildi. Quyida shu suhbat mazmuni bilan tanishasiz.

– 2025 yil viloyatda veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish sohasida salmoqli yutuqlarga erishilganini alohida ta’kidlab o‘tishni istar edim. Eng muhimi, chorvachilik va uning tarmoqlarini yuksaltirish uchun umumiy qiymati 379,8 milliard so‘mlik 81 ta loyiha amalga oshirildi. Viloyatimizga chetdan 3,7 ming bosh qoramol, 7,3 ming bosh qo‘y va echki olib kelindi. Chorvachilikka ixtisoslashtirilgan tumanlarda, jumladan Kattaqo‘rg‘onda umumiy qiymati 32 milliard so‘mlik yirik klaster tashkil etildi. Naslchilik ishlarini rivojlantirish maqsadida 308 ming 672 bosh sigir va tana sun’iy urug‘lantirildi. 75 ta tovar xo‘jaliklari naslchilik xo‘jaligi toifasiga o‘tkazilib, ularning soni 205 taga yetkazildi. 

Bundan tashqari Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamda tadbirkorlar, tijorat banklarining mablag‘lari hisobidan Mo‘g‘uliston davlatidan 6 ming 820 bosh “bayat” zotli qo‘y olib kelingani ham quvonarli holdir. Shuni mamnuniyat bilan qayd etishni istar edimki, bu yil 752 ta qoramolchilik, 223 ta qo‘y va echkichilik,  4 ta yilqichilik, 212 ta parrandachilik, 659 ta baliqchilik, 61 ta asalarichilik, 18 ta quyonchilik sub’ektlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu ishlarda yuzlab veterinar hamda chorvadorlarimiz jonkuyarlik va tashabbuskorlik namunasini ko‘rsatishdi.