Chorva ozuqasini yetishtirishda yer maydonlarini ajratishga doir normalar o‘zgarmoqda


Chorva ozuqasini yetishtirishda yer maydonlarini ajratishga doir normalar o‘zgarmoqda

30.10.2023

So‘nggi yillarda mamlakatimizda chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish, chorva ozuqa bazasini mustahkamlash, shuningdek, aholining chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlovchilar bilan hamkorligini kuchaytirish, o‘z xonadonlarida chorva mollari boqishni tashkil etish kabi masalalarda zarur tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qayd etish joizki, mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligiga erishish, aholini arzon va sifatli go‘sht hamda sut mahsulotlari bilan to‘laqonli taʼminlash, shuningdek, yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali aholini band qilish muhim ahamiyat kasb etadi.

Senatning qirq oltinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga dehqon xo‘jaligini yuritish uchun ajratiladigan yer uchastkalarining o‘lchamini oshirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Mazkur Qonun bilan “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunga hamda Yer kodeksiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilmoqda.

Xususan, Qonunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorva ozuqasi ekinlarini yetishtirish maqsadida dehqon xo‘jaligini yuritish uchun 0,06 gektardan 5 gektargacha yer ajratib berilishi belgilanmoqda.

Senatorlar tomonidan ushbu Qonun muhokamasi jarayonida Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga va mazkur sohada mahsulot ishlab chiqarishning barqaror o‘sishini taʼminlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.