Axaltaka ot zoti


Axaltaka ot zoti

18.11.2024

Salt miniladigan qadimgi ot zotlaridan biri. Xalq seleksiyasida Turkmaniston janubidagi Axaltaka vohasida yashagan turkmanlarning taka qabilasi yetishtirgan.

Axaltaka ot zoti quruq issiq iqlimga moslashgani, nihoyatda chopqirligi bilan ajralib turadi (poygada 1 000 m masofani 1 daqiqa 05 soniyada bosib o‘tadi).

Axaltaka ot zotining to‘shi tor, sag‘risi ixcham va cho‘zinchoq, oyoqlari nozik, chiroyli, terisi yupqa va taqir. Aksariyat hollarda to‘riq, ko‘k va saman tusda bo‘ladi. Sof zot otlar ichida o‘zining ko‘rkamligi va harakatchanligi bilan ajralib turadi.

Ayg‘irlarining qarchig‘ayigacha balandligi 157 sm (ayrim hollarda 160– 165 sm), ko‘krak qafasi aylanasi 167 sm, to‘pig‘i aylanasi 19 sm. Asosan Turkmaniston va Qozog‘istonda, O‘zbekiston, Tojikistonda boqiladi. Axaltaka ot zoti ishtirokida ko‘pgina chopqir ot zotlari chiqarilgan.