Veterinariya va chorvachilik sohasi kadrlarini tayyorlashda xalqaro hamkorlik


Veterinariya va chorvachilik sohasi kadrlarini tayyorlashda xalqaro hamkorlik

30.10.2023

 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev shu yil AQShga tashrifi chog‘ida 18 sentyabr kuni okeanortida yashayotgan, ta’lim olayotgan va ishlayotgan bir guruh vatandoshlarimiz bilan uchrashgan edi.

Muloqotda davlatimiz rahbari mamlakatimiz modernizatsiyasiga ko‘maklashishda vatandoshlarimizda ulkan salohiyat borligiga e’tibor qaratdi. Darhaqiqat, turli sohalarda xalqaro tajribani o‘rganish, izchil aloqalar o‘rnatish muhim sanaladi.

Bugun har tomonlama samarali tajribani o‘rganib, amaliyotga tatbiq etish uchun vazirlik va davlat idoralarimizda samarali ishlar olib borilmoqda.

Ayni damda Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘lib turgan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi mutaxassislaridan iborat delegatsiya a’zolari belgilab berilgan vazifalar ijrosini amalga oshirish uchun USAID vakillari bilan sohada kadrlar tayyorlash bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Qo‘mita axborot xizmatidan ma’lum qilinishicha, delegatsiya rahbari – qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Sh.Jabbarov va USAID mutasaddilari mamlakatimizda veterinariya va chorvachilik sohasida kadrlar tayyorlash sifatini takomillashtirish, mutaxassislarning malakasini oshirish, qayta tayyorlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni birgalikda amalga oshirishga kelishib olgan.

Shuningdek, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti bilan AQShning Minnesota universiteti o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, yangi loyihalarni amalga oshirish, kadrlar almashinuvi ko‘lamini kengaytirish yuzasidan o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Hamkorlikni amalga oshirish bo‘yicha ikki tomonlama “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti bilan Minnesota universiteti o‘rtasida bajarilishi 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan “O‘zbekistonda veterinariya ta’limining tvinning loyihasi” amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida AQShning eng nufuzli universitetlarida o‘quv seminarlari tashkil etilib, Samarqand veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining professor-o‘qituvchilari ishtiroki ta’minlanmoqda.