"QADRING BALAND BO'LSIN, ONA TILIM!"




 

Ona Tilim Faxrim

Bugun o‘zbek tilini rivojlantirish, uning qadr-qimmatini joyiga qo‘yish, xalqaro nufuzini yanada oshirish borasida tarixiy ishlar amalga oshirilayotgan davrda yashayapmiz.

   Bu kabi ezgu sa'y-harakatlarda faollik ko‘rsatish, davlat tiliga kuyunchaklik bilan munosabatda bo‘lish har birimizning muqaddas burchimiz sanaladi.

   Hozirda vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalarida faoliyat yuritayotgan maslahatchilar o‘z sohalarida ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlab, o‘zbek tilini rivojlantirish, davlat tilida ish yuritishni tashkil etib kelmoqdalar.

   Albatta, bu jarayonda amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda oldinda hal etilishi lozim bo‘lgan qator vazifalar ham turibdi. Ushbu vazifalar hozirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan bosqichma-bosqich hal etib kelinmoqda. Bunda Departament va joylardagi maslahatchilarning o‘zaro hamkorligi samarali omillardan bo‘lib xizmat qilmoqda.

   Ma'lumki, vazirlik tizimi xaloskorlari muntazam ravishda aholi orasida yuradilar. Aholi bilan o‘tkaziladigan profilaktik tadbirlar jarayonlarida davlat tili targ‘ibotiga ham asosiy e'tibor qaratish lozim.

  Yosh avlod vakillarining nutqini adabiy til me'yorlari talablari asosida shakllantirish uchun kuyib-pishib harakat qilmasak, ular ham "pojarniy" qabilida aytaveradilar. Bu bilan o‘zga til imkoniyatlarini tanqid qilmoqchi emasmiz, aksincha har bir tilga e'tibor va hurmat bilan munosabatda bo‘lish zarurligini aytmoqchimiz. Aslida ma'lum tilga oid so‘zni o‘zga til tarkibida aralash-quralash, "moshkichiri" shaklida ishlatish o‘sha tilga ham hurmatsizlik-ku!

    Shunday ekan, O‘zbekiston farzandi, fuqarosi ekanmiz, davlat tilini hurmat qilishimiz, uning takomiliga hissa qo‘shishimiz zarur.

   Buning uchun esa har doim ona tilimizni sevishimiz, ardoqlashimiz, uni targ‘ib etishda faollik ko‘rsatishimiz, ishda, oilada ushbu vazifaga vijdon ishi sifatida qarashimiz, farzandlarimizni ona tiliga yuksak hurmat-ehtirom ruhida tarbiyalashimiz lozim.