Epizootik vaziyat barqaror: bu boʼyicha tizimli ravishda ishlar olib borilmoqda


Epizootik vaziyat barqaror: bu boʼyicha tizimli ravishda ishlar olib borilmoqda

26.06.2023

Yaqinda ommaviy axborot vositalarida Qozogʼistonning Jambul viloyatida odamlar orasida kuydirgi kasalligining laboratoriya tomonidan tasdiqlangan toʼrtta holati boʼyicha xabarlar tarqaldi.

Mazkur xabarlar rasmiy idoralar tomonidan tasdiqlandi.

Аlbatta, bu holat mamlakatimizning epizootik osoyishtaligi uchun xatarli hisoblanadi. Negaki, yuqumli kasalliklarning aksariyati hayvondan odamga yuqadi va bu holat odamlar sogʼligʼi uchun jiddiy xavf tugʼdiradi.

Shu bois, mamlakatimizdagi epizootik vaziyat xususida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʼmitasi raisining birinchi oʼrinbosari Shuhrat Jabborovga murojaat qildik.

– Qozogʼistonda qayd etilgan kuydirgi kasalligi mamlakatimizning chegara hududlariga yetib kelishi qanchalik asosli? 

– Bundan hech qanday xavotirlanishga asos yoʼq. Negaki, mamlakatimizning chegara hududlarida qoʼmita mutaxassislari tomonidan bufer zonalar tashkil etilib, epizootik barqarorlikni taʼminlash ishlari tizimli ravishda olib borilmoqda.

Oʼta xavfli kasalliklarning kelib chiqishi va chetdan kirib kelishining oldini olish maqsadida epizootiyaga qarshi profilaktik tadbirlarni oʼtkazish uchun jami 1 ming 200 ta maxsus emlash guruhlari tashkil etilib, unga 5 mingga yaqin soha mutaxassislari, rahbar va xodimlar biriktirildi hamda guruh ishini muvofiqlashtirib borish boʼyicha respublika, viloyat va tuman shtablari tashkil etildi.

Profilaktik tadbirlarni oʼtkazilishida hayvon egalariga qulaylik yaratish maqsadida emlash ishlarini “mahallabay” va “xonadonbay” usuli asosida ommaviy ravishda amalga oshirish tizimi yaratildi.

Joriy yilning oʼtgan davri mobaynida emlash guruhlari tomonidan 25 million 500 ming boshdan koʼproq chorva mollari kuydirgi, oqsil, nodulyar dermatit, qorason, bradzot, chechak, brutsellyoz va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi emlanib, diagnostik tekshirildi hamda ektoparazitlarga qarshi choʼmiltirildi va chorva mollari saqlanadigan 845 mingta molxonalarda dezinfektsiya va dezinsektsiya tadbirlari oʼtkazildi.

Profilaktik tadbirlar sifati va samarasini yanada oshirish maqsadida hududlarda koʼchma “veterinariya xizmatlarini koʼrsatish markaz”lari tashkil etilib, ular tomonidan profilaktik emlash va davolash tadbirlarini olib borish uchun 200 dan ortiq maxsus avtomashinalar, 3 mingta velosiped va skuter mototsikl, 1 ming 500 ta yarim avtomatli shprits va boshqa maxsus jihozlar bilan taʼminlandi.

– Bunday tadbirlarni tashkil etishda aholining xabardorligi ham katta ahamiyat kasb etadi. Shundaymi?

– Аlbatta, har qanday epizootik tadbirda aholining ishtiroki va jonbozligi juda muhim.

Shu yilning oʼtgan davri mobaynida hayvonlarning xavfli yuqumli kasalliklarining oldini olish va ularga qarshi kurashishda aholi va hayvon egalari xabardorligini oshirish maqsadida tibbiyot, ichki ishlar va favqulodda vaziyatlar xizmatlari bilan hamkorlikda 745 ta seminar oʼtkazildi, shuningdek, targʼibot va tashviqot ishlari uchun 12 ming dona rangli plakatlar, 300 mingta varaqalar joylarga yetkazib berildi hamda ommaviy axborot vositalari orqali 150 marta chiqishlar qilindi va matbuotda 85 ta maqolalar chop etildi.

Hayvonlar kasalliklari boʼyicha amalga oshirilayotgan epizootiyaga qarshi profilaktik tadbirlarni kuzatuv monitoring ishlari uchun “VIS-REGISTON” elektron platformasi yaratilib, sinov tariqasida ishga tushirildi.

Аholi isteʼmoli uchun yetishtirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash maqsadida joriy yilning oʼtgan davri mobaynida mavjud veterinariya sanitariya ekspertizasi laboratoriyalari tomonidan 7 milliondan ortiq laboratoriya tahlillari oʼtkazildi. Jumladan, dehqon bozorlariga va yirik savdo obʼektlariga sotish uchun keltirilgan 28,7 ming tonna goʼsht, 162 million dona tuxum hamda 7,8 ming tonna sut va sut mahsulotlari veterinariya-sanitariya ekspertizasi va laboratoriya tahlillardan oʼtkazilib, 13,4 tonna goʼsht va sut mahsulotlari, 97 ming dona tuxum va 13 tonna sut va sut mahsulotlari isteʼmolga yaroqsiz, deb topildi. Ular belgilangan tartibda zararsizlantirildi va erkin savdoga chiqarilishining oldi olindi.

Makaziy bozorlarda radiouzellar orqali xaridorlarga sotilayotgan va sotib olinayotgan mahsulotlarni sifat va xavfsizligini kafolatlovchi hujjatlari hamda yaroqlilik muddatiga alohida eʼtibor qaratishlari, veterinariya-sanitariya ekspertizasi koʼrigidan oʼtkazilmagan mahsulotlarni sotuvga chiqarmaslik va sotib olmaslik mavzusida doimiy eshittirishlar oʼtkazilib kelinmoqda.

– Sohada keyingi paytlarda jiddiy oʼzgarishlar ketmoqda, shu haqda toʼxtalsangiz.

– Toʼgʼri taʼkidladingiz!

Misol uchun xalqaro moliya institutlari mablagʼlari hisobidan chekka hududlardagi veterinariya mutaxassislari 6 dona koʼchma mobil laboratoriya, 42 dona maxsus sovutgichli, dezinfektsiyalovchi va zararsizlantiruvchi avtotransport hamda 1 million dona vakumli probirka, 20 dona konteyner va 800 ta maishiy sovutgich bilan taʼminlandi.

Rejaga muvofiq, 2023 yilda veterinariya faoliyati bilan shugʼullanayotgan jami 647 nafar rahbar va mutaxassisning malakasini oshirish belgilangan boʼlib, joriy yilning oʼtgan davri mobaynida 314 nafari malakasini oshirib, tegishli malaka toifalariga ega boʼldi.

Аndijon va Fargʼona viloyatlarida 1 donadan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan veterinariya klinikalari ishga tushirildi. Namangan viloyatida xuddi shunday veterinariya klinikasini tashkil etish ishlari olib borilmoqda.

Qashqadaryo, Fargʼona, Buxoro va Xorazm viloyati Hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazlari milliy akkreditatsiyadan oʼtkazildi.

Shuningdek, akkreditatsiya doiralarini yanada kengaytirish maqsadida Respublika hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazini xalqaro akkreditatsiyadan oʼtkazish ishlarini oʼrganish boʼyicha markazning 5 nafar mutaxassisi Turkiya davlatida ISO/IEC17025:2019 xalqaro standart talablari boʼyicha malakasini oshirib kelishdi.

Soʼngi ikki yil mobaynida Respublika tashxis markazini xalqaro akkreditatsiyaga tayyorlash va laboratoriyalarning moddiy texnik bazasini mustahkamlash maqsadida xorijiy grant mablagʼlari koʼmagida oziq-ovqat xavfsizligi laboratoriyasi, IFА va PTsR laboratoriyasi, shuningdek, Markaz vivariyasi zamonaviy laboratoriya uskunalari va jihozlar bilan taʼminlandi.

Tashxis markazlaridagi axborot xavfsizligini, quyi tizim markazlari bilan axborot almashinuvi tezkorligini taʼminlash va maʼlumotlar bazasini yaratish maqsadida Hayvon kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat xavfsizligiga oid laboratoriya tekshiruvlarining Yagona elektron maʼlumotlar bazasi (VIS-Sayyor) dasturi ishlab chiqilib, test rejimida ishga tushirildi.